BANKLAR XALQIMIZNI TADBIRKORLIKKA, ISHBILARMONLIKKA O’RGATISHI LOZIM

ByAdmin

BANKLAR XALQIMIZNI TADBIRKORLIKKA, ISHBILARMONLIKKA O’RGATISHI LOZIM

alt

Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev 2016 yilning 14 dekabr kuni Oliy Majlis palatalarining qo’shma majlisidagi nutqida xalq bilan yanada yaqin bo’lish, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, shu orqali ularning turmush farovonligini yanada oshirish, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash maqsadida tijorat banklarining oldiga ham bir qator ulkan vazifalar qo’yib, zarur yo’l-yo’riqlar va ko’rsatmalar berdi.

Shu ma’noda aholini tadbirkorlikka keng jalb etish va albatta, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mijozlarga zamonaviy bank xizmatlari va zarur moliyaviy ko’mak berishga qaratilgan tijorat banklarining istiqboldagi rejalari yuzasidan deputatlik guruhi nazoratini olib borish maqsadida xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining yig’ilishi o’tkazildi.

Unda Markaziy bank Surxondaryo viloyati Bosh boshqarmasining 2017 yilda o’z oldilariga belgilab olgan ustuvor vazifalari, mamlakatimizda xususiy tadbikorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, aholining bankka nisbatan ishonchini oshirish hamda yangi ish o’rinlari tashkil etishni qo’llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlar rejasi bo’yicha axborotlari tinglandi.

Unga ko’ra tijorat banklari davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan vazifalarni bajarish yuzasidan, oddiy aholini tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o’rgatish, ularning bank xizmatlari va kredit mablag’lariga bo’lgan ehtiyojini o’rganish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish istagini bildirgan fuqarolarga namunaviy loyihalarni taklif etish hamda kredit hujjatlarini tayyorlash bo’yicha tegishli maslahatlar berish va qisqa muddatlarda kredit mablag’larini ajratish bo’yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgani va uning ijrosi yuzasidan joylardagi bank filiallari tomonidan “Har bir xonadonga” shiori ostida aholi xonadonlariga tashrif buyurish yo’lga qo’yilganligi ta’kidlab o’tildi.

– Bugungi kungacha viloyatimizdagi tijorat banklari filiallari tomonidan 84 mingga yaqin xonadonlarga kirilib, tadbirkorlikka jalb qilishga qaratilgan targ’ibot-tashviqot ishlari olib borildi, – deydi Markaziy bank Surxondaryo viloyati Bosh boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari Abdullaziz Bozorov. —Qisqa muddat ichida 56 ta xonadonning xujjatlari ko’rib chiqilib, ayni vaqtda 600 mln. so’m miqdorida kredit berish arafasida turibmiz.

Shuningdek, tadbirkorlik bilan shug’ullanish istagini bildirgan jami 2 ming 400 ta xonadonlarning xujjatlari ko’rib chiqilmoqda. Joriy 2017 yilgi ish rejamizda viloyatimizda 5 ming ta issiqxonalar tashkil etish hamda ushbu loyihamizni amalga oshirish uchun 2 trln. 200 mln. so’m miqdorida kreditlar ajratishni o’z rejamizga kiritdik.

O’z navbatida, yig’ilishda aholi xonadonlariga yurib, ularga tadbirkorlik va fermerlikning chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, qishloq xo’jaligi maxsulotlarini yetishtirish, bog’dorchilik, uzumchilik singari jami 25 turdagi yo’nalishlarda kreditlar ajratish yo’lga qo’yilayotganligi taklifi va tavsiyalarini muntazab berib borayotganligi haqida aytib o’tildi.

Aholining turmush darajasini yanada yaxshilash uchun xalq vakillari sifatida deputatlik guruhi nazoratini olib borish maqsadida o’tkazilgan yig’ilishda tijorat banklari tomonidan aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish jarayonlarida tuman, qolaversa, fuqarolar yig’inlari joylashgan hududning imkoniyatlari, shuningdek o’z navbatida hududning xomashyosi va mehnat resurslari, mahalliy an’analariga ham e’tibor qaratish lozimligi haqida deputatlik guruhi a’zolari tomonidan taklif va tavsiyalar berildi.

Tadbirda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, davlat idoralarining fuqarolar bilan o’zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko’rib chiqish, bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etish kerakligi ta’kidlandi.

Yig’ilish so’nggida kun tartibdagi masalalar yuzasidan O‘zLiDeP deputatlik guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

About the author

Admin administrator

Leave a Reply